Qarshida 19 yoshli yigit uzun sochlari sabab IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda

Qarshida 19 yoshli yigit uzun sochlari sabab IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda
  • 4
  • 09.09.2026 16:45:00
  • 1 daq o'qish

Qarshi shahrida 19 yoshli yigit huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan kuch ishlatilgan holda olib ketilgani va kaltaklangani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatda yigitning opasi voqea haqida so‘zlagan. Uning aytishicha, profilaktika inspektorlari yigitni uzun sochlari sabab shubhali deb hisoblab, “terrorchiga o‘xshaydi” degan. Yigit voqeani telefoniga tasvirga olishga uringanida, xodimlar unga nisbatan kuch ishlatgani, bo‘g‘ib, xizmat mashinasiga majburan olib ketgani iddao qilingan.
Qizning ta’kidlashicha, yigit ichki ishlar bo‘limida qo‘llari kishanlangan holda izoh xati yozishga majburlangan. Unda u go‘yoki haqorat qilgani va xodimlarga qarshilik ko‘rsatgani qayd etilgan. Tarqalgan kadrlarda yigitning yuzida ko‘karishlar, burni va boshidagi jarohatlar, orqa va yelkasidagi zarb izlari hamda yulingan sochlari ko‘rinadi. Yigitning opasi Prezident va davlat organlari rahbariyatiga murojaat qilib, holatni tekshirish va xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berishni so‘ragan.
Hozircha holat yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News