
- 0
- 27.11.2026 11:23:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yil davomida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun 80 trln so‘m ajratilib, 7 ming kilometr yo‘l qayta qurildi va 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi. Sohaga 20 milliard dollar miqdorida xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasidagi investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Davlat rahbari iqtisodiy o‘sish sur’atlariga mos ravishda transport tizimini rivojlantirish, sohaga yirik investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Hozirda umumiy qiymati 5,6 milliard dollar bo‘lgan, jami 593 kilometr uzunlikdagi pulli avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha beshta loyiha amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida 2,2 milliard dollarlik yo‘l qurilishi boshlangan. Toshkent – Angren yo‘nalishidagi 1,6 milliard dollarlik loyiha bo‘yicha tender jarayonlari yakunlanmoqda.
Shuningdek, Toshkent – Chorvoq, Samarqand – Buxoro yo‘nalishlari hamda Taxtaqoracha dovonidagi umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlash va investorlarga taqdim etish topshirildi.
Hokimlarga bir oy muddatda har bir hududda bittadan yoki ikkitadan yo‘l va ko‘prikni belgilab, ularni qurish, saqlash va boshqarish sharti bilan investorlarga taklif etish vazifasi yuklatildi.
Investorlarga yo‘llar bo‘yida savdo va servis obyektlarini tashkil etish huquqi ham beriladi. Bunday loyihalarni har bir tumanda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.