Prezident qishloq xo‘jaligidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi

Prezident qishloq xo‘jaligidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi
  • 4
  • 10.02.2023 12:44:00
  • 1 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Safar dasturidagi birinchi manzil Paxtakor tumanidagi «Paxtakor elita urug‘chiligi» fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Xo‘jalik maydoni 100 gektar bo‘lib, shundan 80 gektarida paxta va g‘alla, qolgan qismida soya, sarimsoqpiyoz, beda ekilgan.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili oktyabrda Sirdaryo viloyatida bo‘lganida dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish, fermer va ishchilarga qulaylik yaratish uchun dala uylari qurish zarurligini aytgan edi. Buning ijrosi va samarasi mazkur fermer xo‘jaligida namoyon. Dala chetiga tut, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar ekilgan, asalari uyalari qo‘yilgan. Yengil konstruksiyalardan dala uyi qurilgan, uning tomida quyosh panellari o‘rnatilgan.

Prezidentimiz ushbu uyni kirib ko‘rdi, fermer oilasi bilan suhbatlashdi.

Ma’lumki, yurtimizda ishsiz fuqarolarga dehqonchilik uchun yerlar ajratilmoqda. Jizzax viloyatida bu orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta’minlash mo‘ljallangan.

- Bir paytlar 1 gektar yerni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir 200 ming gektar ajratdik. Nima uchun? Odamlarga daromad manbai bo‘lishi uchun. Endi «qarsak ikki qo‘ldan chiqishi» kerak, - dedi davlat rahbari.

Fermerlarning manfaatdorligini ta’minlash, mahallalarning «o‘sish nuqtalari»ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Manba: UzA

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News