Prezident havo sarhadlarini himoya qilishning yangi tizimi bilan tanishdi

Prezident havo sarhadlarini himoya qilishning yangi tizimi bilan tanishdi
  • 1
  • 09.06.2026 13:07:00
  • 2 daq o'qish

Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, aviatsiya boʻlinmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilish boʻyicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Mazkur ishlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyati va amaliy imkoniyatlarini yanada oshirishga, qoʻshinlarning tezkorligi, harakatchanligi va zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning yanvar oyida Turkiyaga tashrifi davomida ikki davlat oʻrtasida harbiy tibbiyot sohasida taʼlim va hamkorlik bitimi imzolangan edi.

Taqdimotda ushbu bitim doirasida amalga oshirilishi taklif etilayotgan choralar haqida axborot berildi. Mutaxassislarni davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika, profilaktika, tibbiy kasb-hunar va hamshiralik oliy taʼlimi yoʻnalishlarida, magistratura va aspiranturada oʻqitish, harbiy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, tibbiyotning ilmiy yoʻnalishlarida hamkorlik qilish, seminar, kongress va simpoziumlar oʻtkazish, oʻqituvchi, maslahatchi, ilmiy xodim va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma mashgʻulotlar tashkil etish, bemorlarni birgalikda davolash hamda tibbiyot muassasalarini tashkil etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda, mudofaa ishlari organlarida chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, harbiy xizmatchilarga Toshkent va Samarqand shaharlarida turar joy ijarasi uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini koʻpaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.

Prezident qoʻshinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish, harbiy boshqaruv va taʼlim tizimiga ilgʻor tajribalarni joriy etish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News