Toshkentda xorijliklarni aldab kelgan 100 dan oshiq firibgar treyderlar ushlandi

Toshkentda xorijliklarni aldab kelgan 100 dan oshiq firibgar treyderlar ushlandi
  • 0
  • 09.07.2026 11:22:00
  • 2 daq o'qish

Toshkent shahrida chet el fuqarolarini firibgarlik yo‘li bilan aldab, ularning kriptoaktivlarini o‘zlashtirib kelgan ikkita yirik noqonuniy koll-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ichki ishlar vazirligi, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Yashnobod tumanidagi biznes markazida 97 nafar, Yakkasaroy tumanidagi ofisda esa 34 nafar shaxs faoliyat yuritgani aniqlangan. Ular orasida chet el fuqarolari ham bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, operatorlar Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya va Daniya fuqarolariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini professional treyder sifatida tanishtirgan. Ular oyiga 70 foizgacha daromad va’da qilib, fishing havolalari orqali jabrlanuvchilarning mablag‘larini kriptoaktivlarga investitsiya qilinayotgandek ko‘rsatib, o‘zlashtirib kelgan. Noqonuniy faoliyatga chet tillarini yaxshi biladigan yoshlar, jumladan, nufuzli oliygoh talabalari jalb etilgan. Xodimlar kun davomida yuzlab qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgan, ofislarda esa, qat’iy xavfsizlik va maxfiylik qoidalari joriy etilgan.
Tintuv davomida 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon apparati, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf hamda jinoyat sodir etishda foydalanilgan boshqa texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur jinoiy sxema chet el fuqarosi tomonidan O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Hozirga qadar uyushgan guruhning ikki nafar rahbari va yana 16 nafar gumondor qamoqqa olingan. Qolgan 111 nafar shaxs yuzasidan tergov va tezkor surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News