Matonatli shaxmatchilarimiz 26 jamoa orasida 6-o‘rinni egalladi

Matonatli shaxmatchilarimiz 26 jamoa orasida 6-o‘rinni egalladi
  • 4
  • 06.02.2023 15:43:00
  • 1 daq o'qish

Belgradda imkoniyati cheklangan insonlar o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasi poyoniga yetdi.

6 turdan iborat bashlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari munosib o‘yin namoyish etdi. Sirojiddin Zayniddinov, Sardorbek Mamajonov, Marsel Shoyusupov, Ahadxon Kimsanboyev va Sobirjon Saidovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasining matonatli va irodali shaxmatchilari 4 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat evaziga 8 ochko jamg‘arib, 26 ta jamoa orasida 6-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Hamyurtlarimiz 1-turda Filippin va 5-turda Vengriya shaxmatchilariga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, qolgan barcha turlarda g‘oliblikka erishdi.  

                 

Shiddatli bahslar yakuniga ko‘ra, Polsha jamoasi oltita o‘yinda g‘alaba qozondi va 10 ochko bilan olimpiadaning oltin medallariga ega chiqdi. 2-o‘rin imkoniyati cheklangan shaxmatchilarning birlashgan jamoasi “IPCA”ga nasib etdi. 3-o‘rin esa Filippin terma jamoasiga tegishli bo‘ldi. Ulardan keyingi o‘rinlarni Hindiston va Serbiya-1 jamoalari band etdi. O‘zbekiston jamoasi 6-pog‘ona bilan olimpiadani yakunladi. Hamyurtlarimizdan keyingi o‘rinlardan Xorvatiya, Isroil, Vengriya shaxmatchilari joy oldi.  

             

E’tiborli jihati, Ahadxon Kimsanboyev 4-taxta o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, 2-o‘rinni egalladi. Shuningdek, u ko‘zi ojizlar orasida Olimpiadaning eng yosh ishtirokchisi, Marsel Shoyusupov esa eshitish qobiliyati pastlar orasida turnirning eng yosh ishtirokchisi sifatida qayd etildi.  

Manba: UzA 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News