Endi xazon yoqib atrof-muhitga zarar berganlar 3,3 million jarimaga tortiladi

Endi xazon yoqib atrof-muhitga zarar berganlar 3,3 million jarimaga tortiladi
  • 7
  • 01.11.2023 12:29:00
  • 1 daq o'qish

Endi xazon yoqqanlar 3,3 million so‘mgacha jarimaga tortiladi. Bunga sabab ko‘p hollarda xazonrezgi mavsumi boshlanishi bilan to‘kilgan barglar va kesilgan shox-shabbalarning yoqib yuborilishiga guvoh bo‘lamiz. Qurigan barglar yoqilganda hosil bo‘ladigan tutun insonning o‘pka tizimini zararlaydi. O‘rganishlarga ko‘ra, 1 tonna qurigan barg yoqib yuborilganida, havoga 9 kg gacha tutun mikrozarrachalari ajraladi.

Bu mikrozarrachalar tarkibiga chang, azot oksidi, is gazi, og‘ir metallar hamda inson uchun eng xavfli moddalardan – dioksin va dioksan kiradi. Bu zaharli moddalar inson organizmiga tushgach, immun tizimini shikastlab, gormon va vitaminlar faoliyatini izdan chiqaradi. Shuningdek, tuproq qatlamining foydali mikroorganizmlari – yomg‘ir chuvalchanglari, mayda hasharotlar nobud bo‘ladi.

Aslida bu kabi harakat huquqbuzarlik bo‘lib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari - 3,3 million so‘mgacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, somon yoqilishi sababli ushbu yerdagi tuproq unumdorligining kamayishi oqibatida yetkazilgan zarar summasi majburiy tartibda undiriladi.

Fuqarolardan shunday holatlarga duch kelgan taqdirda 11-57 ishonch raqamiga qo‘ng‘roq qilib, xabar berishlari yoki @ecogovuz_bot   telegram botiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Xazonlardan foydali o‘g‘it tayyorlash mumkin. Tajribali bog‘bonlarning ta’kidlashicha, yig‘ilgan barglarni qoplarga solib, qish davomida kutilsa, ular chirib komposga aylanadi. Kuzda maxsus chuqurlar qazib, to‘kilgan barglar shu chuqurlarga ko‘milib, bahorda tayyor bo‘lgan chirindidan daraxtlarga o‘g‘it sifatida foydalanish yaxshi samara beradi.

 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News