Yangi Toshkentda investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

Yangi Toshkentda investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi
  • 21
  • 12.10.2026 15:27:00
  • 6 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

Uch yil avval qurilishi boshlangan Yangi Toshkent mamlakatimiz tarixidagi eng yirik shaharsozlik loyihasidir. Xavfsiz va “yashil” shahar sifatida barpo etilayotgan hududda birinchi bosqichning oʻzida zamonaviy texnologik yechimlarga asoslangan 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bogʻlari tashkil etiladi. “Yashil qurilish standartlari” asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.

Oʻtgan davrda Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi. Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar boʻlgan yettita obyekt ishga tushirildi.

Bular “Sharq bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yoʻl va infratuzilma obyektlari, “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil bogʻi” istirohat bogʻi hamda 2 ming oʻrinli umumtaʼlim maktabidir.

Turkiyaning “MIMSAN” kompaniyasi ishtirokida 73 million dollar investitsiya hisobiga barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati 95 million dollarni tashkil etadi.

Shuningdek, 18 kilometr avtomobil yoʻli barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirgʻoq boʻylab 10 kilometrlik “Sohil bogʻi”da piyodalar va velosiped yoʻlaklari tashkil qilindi. “Sharq bahori” turar joy majmuasining ilk bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.

Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar boʻlgan yana oʻnta yirik loyiha qurilishiga start berildi.

Ulardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Deep Tech park” sanoat hududidir. Uni barpo etishga 320 million dollar yoʻnaltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarlik loyihalar joylashtiriladi.

Finlyandiyaning “MariMatic” kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni toʻplash va ulardan “yashil” elektr energiyasini olish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, koʻp kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt boʻlgan fotoelektr tizimlarini oʻrnatish rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni poytaxt bilan bogʻlash uchun Temur Malik koʻchasi va 4R12 avtomobil yoʻli oʻrtasida koʻprik, yoʻl oʻtkazgich va 10 kilometr yoʻl quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan yer osti avtoturargohini barpo etish ham yangi loyihalardan biri.

Umumiy maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan “Metropolis” biznes-sitida ofislar, mehmonxona, turar joylar va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashadi. Maydonning 500 ming kvadrat metr qismi biznes uchun moʻljallangan. Bu yerda 1,5 ming nafar odamning bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, “Silk City”, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari hamda 120 oʻrinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi quriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini taʼkidlab, shahar bunyodkorligida ishtirok etayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

Uch yil avval boshlangan Yangi Toshkent loyihasi doirasida davlat infratuzilma va muhim ijtimoiy obyektlar qurilishiga katta mablagʻ yoʻnaltirmoqda. Hozirga qadar yangi shaharga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Biroq qurilishga xususiy sektorni jalb etish surʼatlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.

Shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablagʻi hisobidan qurilish olib borilayotgan boʻlsa, tadbirkorlarga 94 gektar yer ajratilgan.

– Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.

Yangi shahar biznes, taʼlim, tibbiyot, turizm va xizmat koʻrsatishni oʻziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi zarur. Shu nuqtai nazardan, investorlarga ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga toʻgʻri kelayotgani, 28 ta lotda esa faol qurilish boshlanmagani koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari bunday holatni investorlarda mablagʻ yoki qiziqish yoʻqligi bilan izohlash toʻgʻri emasligini aytdi. Eskicha talablar, choʻziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor oʻrniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga toʻsiq boʻlmoqda. Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, obyektni ishga tushirishgacha boʻlgan jarayonlarni qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yil oxirigacha shaharda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratishni anglatadi. Prezidentimiz uylar bilan bir vaqtda aholiga zarur dam olish, sport, savdo, taʼlim va tibbiyot xizmatlari ham yoʻlga qoʻyilishi kerakligini taʼkidladi.

Shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming oʻrinli stadion qurilmoqda. Kelgusi yil 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionati munosabati bilan mehmonxona, ovqatlanish va koʻngilochar maskanlarga ehtiyojni hisoblab, tadbirkorlarga aniq investitsiya takliflarini taqdim etish topshirildi.

Yangi shaharda ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda davlat idoralarining koʻchishi ham muhim oʻrin tutadi. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari bu yerda faoliyat yuritmoqda, boshqa idoralar xodimlari uchun binolar qurilyapti. Qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga koʻchishini boshlash topshirildi.

Muloqotda shaharning master rejasini amalga oshirishda investorlar tashabbusiga kengroq yoʻl ochish zarurligi qayd etildi. Shahar manfaatiga xizmat qiladigan oʻziga xos loyihalar uchun lot maydoni yoki obyekt turini oʻzgartirish haqidagi takliflar tez va aniq mezonlar asosida koʻrib chiqilishi kerak. Konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorlangan maydonlar sonini koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.

Yirik tijorat obyektlarini jalb etish uchun ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bu jarayonda investor tashabbusi eʼlon qilinadi va boshqa ishtirokchilar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer dastlabki tashabbuskorga ajratiladi.

Xizmat koʻrsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini ragʻbatlantirish maqsadida infratuzilma toʻlovlari qayta koʻrib chiqiladi. Bazaviy stavka savdo, servis va biznes markazlari uchun uch barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun besh barobar, madaniyat va koʻngilochar maskanlar uchun oʻn barobar kamaytiriladi. Xususiy bogʻcha, maktab va shifoxonalar uchun toʻlov bir foiz etib belgilanadi. Ushbu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.

Yangi Toshkentda “yashil bino” standartlarini qoʻllash bilan bogʻliq xarajatlarni yengillashtirish choralari ham belgilandi. Qiymati 50 million dollardan yuqori boʻlgan noturar joy loyihalari uchun “yashil” sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan toʻliq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini koʻkalamzorlashtirish talabi bu yerda qoʻllanmaydi: shahar hududining 30 foizini yashil maydonga aylantirish bosh reja asosida davlat tomonidan taʼminlanadi.

Qiymati 50 million dollardan yuqori boʻlgan har bir loyihaga masʼul biriktirilib, u obyekt ishga tushguniga qadar investorga hamrohlik qiladi. Bunday loyihalar boʻyicha alohida investitsiya bitimi tuzilib, unda tomonlarning majburiyatlari va loyihaning xususiyatlariga mos shartlar belgilanadi.

Yangi imkoniyatlardan butun mamlakat tadbirkorlari foydalanishi uchun poytaxtning har bir tumaniga va respublikaning qolgan 13 ta hududiga Yangi Toshkentdan 100 gektardan maydon biriktiriladi. Ushbu yerlar boʻyicha dastlabki auksionda tegishli hudud tadbirkorlari ishtirok etadi.

Xorijlik investorlar uchun esa dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, iqtisodiy hisob-kitoblari va yaratilgan imkoniyatlar aks etgan takliflar paketi diplomatik vakolatxonalar orqali yetkaziladi. Vazirlarga ham yirik xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlarda Yangi Toshkent loyihalarini taqdimot qilib borish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi “Shirin” massivi qurilishi koʻrib chiqildi. Bu yerda ishlar sust borayotgani tanqid qilinib, Yangi Toshkent uchun belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar ushbu massivga ham tatbiq etilishi belgilandi.

Prezidentimiz investorlarni mahalliy va xorijlikka ajratishga munosabat bildirar ekan, “Kapitalning, ilgʻor gʻoyaning va halol mehnatning millati yoʻq!” deb taʼkidladi. Shu maʼnoda, Yangi Toshkent va “Shirin” massivi qurilishida ishtirok etayotgan har bir tadbirkor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshayotgani qayd etildi.

Shundan soʻng davlatimiz rahbari investorlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News