Napoleonning 200 yillik sirli xati sun’iy intellekt yordamida o‘qildi

Napoleonning 200 yillik sirli xati sun’iy intellekt yordamida o‘qildi
  • 32
  • 03.10.2026 17:51:00
  • 1 daq o'qish

1809-yilda Napoleon Bonapart Avstriya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda general Ogyust de Marmonga shifrlangan xat yuborgan. Xatdagi shifr kaliti saqlanib qolmagani sababli uning mazmuni 200 yildan ortiq vaqt davomida noma’lum bo‘lib kelgan.
Xatning 1969-yilda fransuz harbiy jurnalida chop etilgan nusxasini sun’iy intellekt muhandisi Karter Cherch topgan. U xatni GPT-6 Astra yordamida tahlil qilgan. Neyrotarmoq taxminan olti soatda 175 ta qo‘lyozma belgisini aniqlab, noma’lum belgilar uchun turli variantlarni sinab ko‘rish orqali shifrni yechgan.
Tiklangan xatda Napoleon fransuz qo‘shinlarining joylashuvi va soni, shuningdek, avstriyaliklarning ehtimoliy hujumi haqida Marmonga ma’lumot bergani aniqlangan. Napoleon asosiy qo‘shinlardan uzilib qolgan generalni dushmandan cho‘chimaslikka chaqirgan. Xat gomonimik shifr yordamida yozilgan bo‘lib, unda bir harf uchun bir nechta turli belgilar qo‘llangan. 33 ta belgi avvaldan ma’lum bo‘lgan, qolganlari esa SI yordamida aniqlangan.
Tadqiqotchining ta’kidlashicha, ayrim belgilar hali ham bir nechta ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, bu noaniqliklar xatning umumiy mazmunini o‘zgartirmaydi. Tiklangan matn, shifr kaliti va undan foydalanilgan dastur ham ochiq e’lon qilingan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News