
- 5
- 22.09.2023 07:21:00
- 2 daq o'qish
Holat yuzasidan viloyat SQB va Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bayonot berdi. Prokuratura tekshiruv boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chust tumanida bog‘cha bolalari zaharlangani va tuman tibbiyot birlashmasiga yuzga yaqin bola olib kelingani haqida xabarlar tarqaldi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xabariga ko‘ra, Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. Keyinchalik jami 71 nafar bolaning sog‘ligidan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ta’kidlanishicha, shifoxonaga yotqizilgan bolalarning hech birida reanimasion, ya’ni og‘ir holat yo‘q.
"Kecha va bugun bolalar bog‘chalarida bolalarga yod va anstrumin (yodomarin) dorisi berilgan. "Zaharlanish shundan bo‘lgan" degan xabar tekshiruvda. Sababi, butun respublikaga tarqatilgan ushbu dori vositasi 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida yod tanqisligini oldini olish va bolalarni aqliy rivojlanishini yaxshilash maqsadida berilgan.
Viloyatimizni boshqa hududlarida ham bolalar ushbu dorini iste’mol qilgan. Ularda hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagan. Murojaat kelib tushmagan", - deyiladi viloyati SQB bayonotida.
Qayd etilishicha, ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar, xususan, tez-tibbiy yordam tufayli bolalarning 9 nafari sog‘lomlashtirilib, yashash uyiga qaytarilgan. Qolgan bolalarning ham ahvoli moʻtadil, ular shifokorlar nazoratiga olingan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Voyaga yetmagan bolalar nimadan zaharlanganligi hali noma’lum bo‘lganligi sababli jamoatchilikdan noto‘g‘ri va turli taxminlarga asoslangan xabarlarni tarqatmasliklarni so‘rab qolamiz. Tekshirish jarayoni nazoratga olingan. Chust tumanida favqulodda holat e’lon qilinganligi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi prokuratura xabarida.
Manba: uznews.uz