Marko Rubioning tashrifi: O‘zbekiston va AQSH nimalarga kelishdi?

Marko Rubioning tashrifi: O‘zbekiston va AQSH nimalarga kelishdi?
  • 5
  • 20.10.2026 12:56:00
  • 2 daq o'qish

2026-yil 19-oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi doirasida O‘zbekiston va AQSH savdo, investitsiya, kosmos, energetika va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va ikki davlat rasmiylari muzokaralari yakunida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbus e’lon qilindi.

Asosiy kelishuvlar:

▪️ Aviatsiya: GE Aerospace bilan O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun samolyot dvigatellarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik.

▪️ Temiryo‘l transporti: Wabtec bilan temiryo‘l uskunalari va ehtiyot qismlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish.

▪️ Muhim minerallar: ReElement Technologies, Traxys va Trafigura bilan foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, qayta ishlash va yetkazib berish zanjirlarini rivojlantirish.

▪️ Moliya va investitsiya: Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan xalqaro kapital bozorlariga chiqish va investorlarni jalb qilish yo‘nalishlaridagi hamkorlik.

▪️ Sun’iy yo‘ldosh aloqasi: Amazon Leo bilan sun’iy yo‘ldosh orqali internet xizmatlarini rivojlantirish.

▪️ Tibbiyot: GE HealthCare bilan tibbiy texnologiyalar sohasidagi hamkorlik.

▪️ Qishloq xo‘jaligi: Valmont Industries bilan zamonaviy sug‘orish texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish yo‘nalishidagi hamkorlik.

▪️ Kosmos: O‘zbekiston “Artemida bitimlari”ga qo‘shildi va uning 77-ishtirokchisiga aylandi. Bu kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, energetika, jumladan, AQSHning fuqarolik atom texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish, savdo, investitsiya, ta’lim, texnologiya va gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki davlat o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining ilk uchrashuvi ham o‘tkazildi.

#aqsh #uzbekistan #casia #markorubio

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News