Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlarga 12 va 7 foizli kredit ajratiladi

Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlarga 12 va 7 foizli kredit ajratiladi
  • 6
  • 19.09.2026 13:20:00
  • 2 daq o'qish

Nukus shahrida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ishonchli tadbirkorlarga 12 foiz stavkada kredit ajratish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hududdagi 2 ming tadbirkor so‘nggi uch yil davomida 2 trln 145 mlrd so‘mlik kreditni o‘z vaqtida qaytargan va banklarning ishonchli mijoziga aylangan.



Shu asosda hududga mas’ul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foiz stavkada 300 mlrd so‘mlik kredit liniyasini ochadi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kredit stavkasining 4 foizini qoplab berishi hisobiga tadbirkorlar uchun yakuniy stavka 12 foizni tashkil etadi. Qolgan 8 ta bankka ham bir oy muddatda tadbirkorlar uchun shunday qulay kredit mahsulotlarini ishlab chiqish topshirildi.



Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit ajratiladi. Ma’lumotlarga bo‘lishicha, hozirda Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim qamrovi 84 foizga yetgan.

Biroq Amudaryo, Bo‘zatov, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida bu ko‘rsatkich pastligicha qolmoqda. Shu sababli hududlarda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarini ko‘paytirish uchun tadbirkorlarga imtiyozli kredit ajratish belgilanmoqda.

Shuningdek, yig‘ilishda kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ham bir qator vazifalar belgilandi. Yangi yildan Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irotdagi bittadan texnikumda Nukus shahridagi 1-son texnikum tajribasi joriy etiladi.
1-oktyabrdan asbob-uskuna xaridi uchun beriladigan ssuda miqdori 20 mln so‘mdan 50 mln so‘mgacha oshiriladi. “Usta-shogird” an’anasi asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yosh chegarasi esa 30 yoshdan 40 yoshgacha ko‘tariladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News