Navoiyda bolalarni kaltaklagan bog‘cha tarbiyachisi 3 yil 3 oyga qamaldi

Navoiyda bolalarni kaltaklagan bog‘cha tarbiyachisi 3 yil 3 oyga qamaldi
  • 2
  • 23.09.2026 10:42:00
  • 1 daq o'qish

Navoiy shahridagi xususiy bog‘chalardan birida 1–3 yoshli besh nafar bolani kaltaklagan tarbiyachi 3 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
2003-yilda tug‘ilgan N.E. 2025-yil dekabridan 2026-yil apreligacha bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlagan. U bolalarni urib, tepgan va ularga yengil tan jarohatlari yetkazgan.
Holat 7-aprel kuni yordamchi tarbiyachi tomonidan videoga olinib, fosh etilgan. Ayrim ota-onalar ham farzandlarining tanasida ko‘karishlar paydo bo‘lgani, bog‘chaga borishdan qo‘rqib qolganini bildirgan. Psixologik tekshiruvda bolalarda tarbiyachi bilan bog‘liq qo‘rquv va jismoniy zo‘ravonlikdan keyingi ruhiy jarohat alomatlari aniqlangan.
Sud N.E.ni Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topib, 3 yil 3 oy qamoq jazosi tayinladi. Shuningdek, unga 2 yil davomida maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachi bo‘lib ishlash taqiqlandi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News