Samarqandda tarixiy obyektlarga zarar yetkazilgani aniqlandi

Samarqandda tarixiy obyektlarga zarar yetkazilgani aniqlandi
  • 5
  • 31.07.2023 13:12:00
  • 1 daq o'qish

Samarqand viloyatining Urgut tumanida arxeologik yodgorliklariga zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Prokuratura organlari tomonidan tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan nazorat tadbirlarining birida Urgut tumani “Mingtepa” mahallasida joylashgan “To‘lqirtepa-1” arxeologiya yodgorligining 163 kubometr hajmdagi yer maydoni maxsus texnika yordamida kavlab olinib, tarixiy obyektga 4 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, ushbu tumanning “Quyiqishloq” mahallasida joylashgan o‘rta asrlarga oid “Teshiktepa”, “Dehqonobod” mahallasidagi “Qulqishloqtepa-2” va “Ogahiy” mahallasidagi “Mozortepa” arxeologiya obyektlari qisman buzilishi oqibatida jami 5 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News