Sergelidagi portlash oqibatida 14,5 mlrd so‘mlik zarar yetgani aniqlandi

Sergelidagi portlash oqibatida 14,5 mlrd so‘mlik zarar yetgani aniqlandi
  • 10
  • 20.10.2023 09:38:00
  • 2 daq o'qish

Hukumat komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida 163 kishi jarohatlangan, 1370 ta xonadon, 246 ta xususiy uy, shuningdek, maktab va bolalar bog‘chasi zarar ko‘rgan. Sergelida ombor portlashi oqibatida uylardagi xonadonlarga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda Hukumat portalida ma’lumot berildi. 
Qayd etilishicha, favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan. Shuningdek, hududdagi 305-son umumta’lim maktabi (1250 o‘rinli) va 600-son bog‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.
Hozirda ushbu ob’yektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Umumiy jabrlanganlar soni 163 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida vafot etgan. 
Jarohat olganlarning 24 nafari shifoxonaga yotqizilib, ularga tegishli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 138 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Hozirda jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklanib, uyiga ruxsat berilgan.
Aholining muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida “1205” qisqa raqamli “Call-centyer” tashkil etildi. Markazga 450 dan ortiq murojaat kelib tushgan va barchasi ijobiy hal qilingan.
400 ta ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi hamda ularning 100 nafar voyaga yetmagan farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Ta’kidlanishicha, kompleks sud ekspertiza, tergov va sud jarayonlari yakunlangach, aniqlangan zarar miqdori aybdor deb topilgan javobgardan qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq undirib olinadi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News