Sergelidagi omborxonaning qancha qismi yonib ketgani ma’lum qilindi

Sergelidagi omborxonaning qancha qismi yonib ketgani ma’lum qilindi
  • 7
  • 28.09.2023 13:31:00
  • 1 daq o'qish

FVV Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan omborxonada yuz bergan portlash va yong‘in bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar Sergeli tumani “Quruvchi” MFY Xonobod ko‘chasida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli omborxonalar hududida chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar FVBga 28-sentyabr kuni soat 02:43 da kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 02:48 da yong‘inga yetib borib, tezkor harakatlar natijasida, soat 05:02 da yong‘in qurshab olingan va soat 10:47 da batamom o‘chirilgan.

Qayd etilishicha, yong‘inni bartaraf etish ishlariga FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilindi. Dastlabki o‘rganish ishlariga ko‘ra, 15 ming kvadrat metr omborxona maydonida yong‘in o‘chirilib, 30 ming kvadrat metr maydoni saqlab qolindi.

Vaziyat to‘liq nazoratga olinib, hozirda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.

Manba: daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News