
- 7
- 12.08.2023 09:57:00
- 1 daq o'qish
Toshkentda isteʼmolga yaroqsiz go‘sht olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda, deb xabar beradi poytaxt IIBB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB JTSB Karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari bilan birga, avgust oyining 10 kuni davomida poytaxtga 1 497 kilogramm sifatsiz go‘sht mahsulotlarini olib kirishning oldi olingan.
Xususan, Chilonzor tumani THAY bo‘ylab o‘tkazilgan tungi tadbir paytida Samarqand—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 28 yoshli Q.X. boshqaruvidagi Isuzu rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilgan. Tekshiruv jarayonida veterenariya hujjatlariga ega bo‘lmagan, maydalangan va muzlatilgan holdagi jami 1 111 kilogramm nomaʼlum hayvon go‘shti olib ketilayotgani maʼlum bo‘lgan. Go‘sht mahsulotlari laboratoriyaga tekshirish uchun yuborilgan.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 109-moddasiga ko‘ra, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish maʼmuriy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
manba:daryo.uz