Isroil G‘azodagi kasalxonaga qilingan hujumni “Islom jihodi” guruhi qilganini aytmoqda

Isroil G‘azodagi kasalxonaga qilingan hujumni “Islom jihodi” guruhi qilganini aytmoqda
  • 3
  • 18.10.2023 14:03:00
  • 2 daq o'qish

G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati shifoxonaga zarba uchun aybni Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) zimmasiga yuklagan. G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi dastlab 300 ga yaqin kishi halok bo‘lganini xabar qilgandi. Keyinroq qurbonlar soni 500 dan ortiqligi haqida xabar paydo bo‘ldi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yana yuzlab kishilar xarobalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Qurbonlar soni bo‘yicha aniq rasmiy raqam yo‘q. Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Al-Ahlidagi fojia tufayli uch kunlik motam e’lon qilgan.

Harbiy tahlilchilar va ekspertlar G‘azodagi kasalxonaga Amerikada ishlab chiqarilgan JDAM raketasi bilan zarba berilganini aniqlashgan. Bu haqda turli davlatlardan o‘nlab yirik ekspertlar bayonot bergan. Amerikaning JDAM raketasining o‘ziga xos sifati uning tovushi hisoblanadi. Raketa juda katta tezlikda uchgani va ma’lum bir shaklga ega bo‘lgani uchun uning tovushini boshqa raketalardan oson farqlash mumkin. 

TsAHAL esa G‘azo sektoridagi shifoxonalar bo‘ylab zarbalar bermayotganini ma’lum qilgan. Isroil harbiylariga ko‘ra, portlash «Islom jihodi» guruhining Al-Ahli shifoxonasi yaqinida muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi oqibatida sodir bo‘lgan.

TsAHAL matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida falastinliklar Isroil tomon raketa uchirishi aks etgan videoni namoyish etgan. Unda raketa, hozircha noma’lum sababga ko‘ra, 17 oktyabr kuni soat 18:59 da portlab ketgani — xuddi shu vaqtda shifoxonaga zarba kelib tushgani aytilgan.  Shuningdek, Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektoridagi shifoxona hududining zarbadan oldingi va keyingi holati aks etgan videoni namoyish etgan. 

Videoga ko‘ra, raketa zarbasi shifoxona binosining o‘ziga emas, uning yonidagi avtoturargohga kelib tushgan. Biroz o‘tib Times of Israel nashri muxbiri Isroil armiyasining shifoxonaga G‘azodan uchirilgan raketasi tushgani haqidagi bayonotini dalillash maqsadida kuzatuv kamerasiga muhrlangan videoni namoyish etdi. 

G‘azo sektori shimolidagi Netiv Xa-Asara aholi yashash manzilida olingani aytilgan videoda o‘ng tomondan (ya’ni G‘azoning dengiz tomonga yaqin qismidan) chap tomonga, Isroilning janubiy hududlari yo‘nalishida ko‘plab raketalar birdaniga uchirilgani aks etgan. Raketalarning olovli dumlari qorong‘ilikda g‘oyib bo‘lganidan bir necha soniya o‘tib, pastda, taxminan raketalar trayektoriyasi ostida kuchli portlash ro‘y beradi.

Bundan tashqari, Isroil mudofaa armiyasi shu kuni G‘azo hududidan uchirilgan raketalarning radar tomonidan qayd etilgan trayektoriyasi tasvirlangan sxemani namoyish etgan. Unga ko‘ra, Al-Ahli shifoxonasi trayektoriya ostida joylashgan. 

«Falastin islom jihodi» ayblovni rad etgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham shifoxonaga zarba «falastinlik jangarilar tomonidan yo‘llangani»ni aytgan. «Butun dunyo bilishi kerak: G‘azo sektoridagi shifoxonaga TsAHAL emas, vahshiy terrorchilar hujum qildi. Bizning bolalarimizni shafqatsizlarcha o‘ldirganlar o‘z bolalarini ham o‘ldirishdi», — deya yozgan u tvitter sahifasida.

Isroil bosh vaziri maslahatchisi Mark Regev BBC bilan suhbatda odatda falastinliklar Isroil hududiga otadigan raketalarning 33 foizga yaqini nishonga yetmasdan, G‘azo hududiga qulashini ta’kidlagan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News