
- 7
- 14.11.2023 12:24:00
- 2 daq o'qish
Ichki ishlar vazirligi “Mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 61-moddasi tahririga o‘zgartirish kiritish orqali o‘zgalar mol-mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish ma’muriy jazosini nazarda tutish taklif etilmoqda.
Shuningdek, moddaning ikkinchi qismida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxona, muassasa, tashkilotlarda sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish nazarda tutilmoqda.
Mazkur moddani to‘rtinchi qism bilan to‘ldirish orqali birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan taqdirda unga nisbatan ma’muriy qamoq bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turi qo‘llanmasligi taklif etilmoqda.
Moddaning beshinchi qismi tahriri o‘zgartirilgan holda, unda fuqarolarning talon-toroj qilingan mulki qiymati bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan, shuningdek, korxona, muassasa, tashkilotlarning talon-toroj qilingan mulki qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanishini belgilash nazarda tutilmoqda.
Moddaning oltinchi qismida jismoniy shaxslarning mol-mulkini oz miqdorda talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar Jinoyat kodeksining o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bobidagi tegishli moddalarida og‘irlashtiruvchi holat sifatida berilgan tegishli qism bandlari alomatlari sodir etilgan taqdirda ushbu modda bilan kvalifikatsiya qilinmasligi va jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos bo‘lishi taklif etilmoqda.