Toshkentda askar komaga tushib qolganidan bir kun o‘tib vafot etdi

Toshkentda askar komaga tushib qolganidan bir kun o‘tib vafot etdi
  • 8
  • 22.07.2023 13:45:00
  • 3 daq o'qish

Markaziy harbiy gospitalda davolanayotgan askar yigitning o‘limiga qator kasalliklar natijasida yuzaga kelgan poliorgan yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Biroq askarning yaqinlari bunga ishonmayapti.

Ikki o‘g‘il va bir qizdan keyin 1999 yil 29 aprel kuni tug‘ilgan Shehroziddin Bahriddinov Samarqand viloyatining Urgut tumanida Mingtepa mahallasida yashagan. U Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan edi. 14 mart kuni armiyaga ketgan yigit 2023 yilning 27 iyun kuni, 24 yoshida vafot etdi.

Voqea xronologiyasi

Rasmiy hujjatda qayd etilishicha, FVVga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Shehroziddin Bahridddinov 20 iyun kuni tomoq og‘rig‘i shikoyati bilan harbiy qism tibbiyot punktiga murojaat qilgan. Unga ambulator davo (so‘rg‘ichli tabletka va tomoqni furatsillinda chayish) tavsiya qilingan. Oradan ikki kun o‘tgach, askar tomoq va bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan tibbiyot punktiga kelgan, unga yana ambulator davo tavsiya etilgan.

U 25 va 26 iyun kunlari ham harbiy qism tibbiyot punktiga murojaat qilib, bosh va bel og‘rigi, terlash, tez-tez nafas olishdan qiynalayotganini aytgan. Askarning shikoyatlari kundan kunga ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, harbiy qism shifokorlari unga yana ambulator muolajani tavsiya qilgan.

26 iyun kuni ahvoli og‘irlashgan askar O‘SV apparatiga niqobli SPAP rejimida ulangan holda Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik hospitaliga olib kelingan va darhol reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Hujjatlarda u 11:30 da hospitalga ko‘krak qafasi va qorin epigastral sohasidagi kuchli og‘riq, tez-tez nafas olish, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan olib kelingani qayd etilgan.

Bemorda ikki tomonlama plevra bo‘shliqlarida erkin suyuqlik aniqlangani sababli o‘pka parenximiyasini yoyish, plevrit etiologiyasini aniqlash uchun “Torakosentiz, chap va o‘ng plevra bo‘shliqlarini drenajlash” jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan. Operatsiya davomida o‘ng o‘pka plevra bo‘shlig‘idan 1700 ml yiringli gemorragik ajralma, chap tomonidan esa 1200 ml lizirlangan gemorragik ajralma (suyuqlik) olingan. Biroq jarrohlik amaliyotidan bemor omon chiqmagan. 27 iyun 13:30 da bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.

O‘lim haqidagi ma’lumotnomada Shehroziddin Bahriddinovning o‘limiga qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmagan pnevmoniya sabab bo‘lgani keltirilgan.

Qurolli Kuchlar Sud-tibbiy ekspertiza markazi tomonidan 13 iyulda tugallangan ekspertiza xulosasida askarning o‘limiga og‘ir kechgan ikki tomonlama virusli-bakterial etiologiyali pnevmoniya, infeksion-toksik shok, ikki tomonlama fibrinozli yiringli-gemorragik plevrit, plevra empiemasi, tsepsiz, tseplitsemiya, taloqning o‘tkir tseptik giperplaziyasi, o‘tkir respitator distress sindrom, DVS sindrom (tananing teri qoplamalari, ichki a’zolarni seroz va shilliq pardalariga qon quyilishlar), bifurkatsion limfa tugunlarining o‘tkir giperplaziyasi, toksik-septik miokardit, gepatit, nefrit, seroz mininggit, ichki a’zolarning o‘tkir umumiy venoz to‘laqonligi va parenximatoz distrofiyasi, bosh miya shishi va bo‘kishi, o‘tkir ichak dinamik (paralitik) tutilishi, o‘tkir sterioid industirlangan qandli diabet va ushbu kasalliklar asorati oqibatida yuzaga kelgan poliorgan yetishmovchiligi sabab bo‘lgani keltiriladi.

Marhumning yaqinlari dalillar taqdim etilishini so‘ramoqda

Ta’kidlash kerakki, Qurolli Kuchlar Sud-tibbiy ekspertiza markazining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumning yuqori va pastki lab tashqi burchagidagi jarohat qattiq to‘mtoq jism ta’sirida yetkazilgan bo‘lib, hosil bo‘lish vaqti hamda holatiga ko‘ra bemorning o‘limidan bir sutka oldin, ya’ni tibbiy yordam ko‘rsatishda yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Bahriddinovning jasadi sud-tibbiy ekspertizasida jarayonida ko‘zdan kechirilganda marhumning tanasida o‘zaro kurashish va qarshilik ko‘rsatishga xos tan-jarohat belgilari aniqlanmagan.

Marhumning yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, batalon komandiri ularga yakshanba kuni (25 iyun) Shehroziddinning tobi qochganini aytgan, u komaga tushib qolgach, 26 iyun kuni kechqurun bu haqda oilasiga xabar berishgan. Nima uchun safda hushdan ketib qolguncha askar yigit harbiy qismda ushlab turilgani, nega vaqtliroq hospitalga olib borilmagani haqidagi savollar ochiq qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shehroziddin Bahriddinov 2023 yil davomida vafot etgan uchinchi askar hisoblanadi. 2022 yilda Qashqadaryo va Surxondaryoda xizmat burchini o‘tayotgan yigitlar uylariga tobutda qaytishgandi.

manba:kun.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News