
- 0
- 24.07.2025 08:41:00
- 1 daq o'qish
Avvalroq Yunusobodda o‘yinchoq to‘pponcha bilan bankni o‘marmoqchi bo‘lgan erkak ushlangani haqida xabar bergan edik. Erkak aprel oyida Toshkent shahri Yunusobod tumanida niqob taqqan erkak bank bo‘limiga bostirib kirib, xodimlarga o‘yinchoq to‘pponcha tirab pul talab qilgan. Xodim xavf tugmasini bosgach, erkak qochishga uringan, biroq darhol qo‘lga olingan.
Sudda u qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, bu ishni tushkunlik va qarzlar bosimi ostida sodir etganini aytgan:
“Ertalab uydan chiqqanimda nabiramning o‘yinchoq to‘pponchasi cho‘ntagimda qolib ketgan. O‘zim ham tushunmayapman, nega bu ishni qildim. Ichkariga kirganimda o‘zimga aytdim: ‘Zokir, bu noto‘g‘ri ish’. Hech kimga zarar yetkazmadim, pul ham olmadim”, – degan u “Millar” dasturiga.
Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 164-moddasi 1-qismi (bosqinchilik) bo‘yicha aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyasida o‘tattirish belgilandi.
Ma’lumot uchun: Jinoyat kodeksiga ko‘ra, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib yoki shunday zo‘rlik bilan qo‘rqitib sodir etilgan bosqinchilik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.