
- 5
- 07.07.2023 13:46:00
- 1 daq o'qish
Moskvada advokat Yelena Ponomareva hujumga uchradi. 6-iyul kuni tushdan keyin Rublevskiy shossesidagi jamoat transporti bekatlaridan birida noma’lum hujumchi unga “zelyonka” sepib, kaltaklagan.“Hujum oqibatida advokat tan jarohati oldi, ko‘zining to‘r pardasi shikastlandi”, — deyiladi Moskva viloyati Advokatlar palatasi xabarida. Ponomareva ushbu palata a’zosi.
Xabarda aytilishicha, avval ham Ponomarevaga bir nechta hujumlar uyushtirilgan, u davlat himoyasida edi. Xususan, Moskva viloyati advokatlar palatasi oldida Ponomarevaning mashinasiga bo‘yoq sepib ketishgan, uning o‘ziga messenjerlar orqali qarindoshlari, mol-mulki va itining fotosuratlari bilan tahdidlar yuborilgan. Ponomareva huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, ammo Advokatlar palatasi ta’kidlaganidek, “bu ish bermagan, aybdorlar aniqlanmagan”.
Qayd etilishicha, Ponomareva hujumni o‘zi ko‘rib chiqayotgan ish bilan bog‘lagan. Advokatlar palatasi kengashi Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbariyatiga advokatga qilingan hujumlar yuzasidan tergov tashkil etish talabi bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
4-iyul kuni “Novaya gazeta” jurnalisti Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemov Chechenistonda hujumga uchragan edi. Ularni tepkilashgan, yuziga urishgan, boshiga qurol o‘qtalib, o‘lim bilan qo‘rqitishgan. Milashinaning barmoqlari singan, yuziga “zelyonka” sepilgan.
Manba: Daryo.uz