Farg‘onada 2 fuqaro harbiylar tomonidan qurol qo‘llanilishi oqibatida vafot etdi

Farg‘onada 2 fuqaro harbiylar tomonidan qurol qo‘llanilishi oqibatida vafot etdi
  • 7
  • 16.10.2023 17:46:00
  • 1 daq o'qish

Bir guruh fuqarolar va chegarachilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Oqibatda, ikki kishi qurol qo‘llanilishi oqibatida halok bo‘ldi. DXX Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilning 16 oktyabrga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani “Vodil” aholi punktida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan “Bo‘ston” MFY hududidan harakatlanib kelayotgan mahalliy fuqarolar A.M. va O.Yu. ismli shaxslar boshqaruvidagi avtomobil to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan. Natijada, mazkur avtotransport vositasining salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlangan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Chegara qo‘shinlari bo‘linmasiga borish taklif etilganida, A.M. va O.Yu. hamda voqea sodir bo‘lgan hudud yaqinida yig‘ilgan ularning o‘n nafarga yaqin sheriklari, spirtli ichimlik ta’sirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlar va chegarachilarga faol qarshilik ko‘rsatishgan va ularga nisbatan kuch ishlatishgan.
Natijada, harbiy xizmatchilar turli ko‘rinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik ko‘rsatayotgan kuchlar teng kelmaganligi bois, chegarachilar fuqarolarning noqonuniy harakatlarini to‘xtatish maqsadida ogohlantiruvchi o‘q uzishiga qaramasdan, ular g‘ayriqonuniy hatti-harakatlarini davom ettirganlar.
Ogohlantirishdan to‘g‘ri xulosa qilmay, harbiy xizmatchilarga faol qarshilik ko‘rsatishda davom etgan fuqarolarning ikki nafari qurol qo‘llanilishi oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News