
- 2
- 15.09.2023 07:36:00
- 2 daq o'qish
Toshkent viloyati Angren shahridagi 3 ta bog‘chadagi bolalar ich buzilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Maktabgacha taʼlim agentligi holat yuzasidan bayonot berdi.
Unga ko‘ra, 13-14-sentabr kuni Toshkent viloyati Angren shahridagi 1-sonli DMTTda 3 nafar, 10-sonli DMTTda 14 nafar hamda 37-sonli DMTTda bir nafar tarbiyalanuvchi birlamchi ich buzilishi tashxisi bilan shifoxonaga tushgan. Hozirda barcha tarbiyalanuvchilar shifokorlar nazoratida. Ushbu holat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
“Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hududiy bo‘limi tomonidan yakuniy ekspertiza xulosasi chiqmaguniga qadar turli maʼlumotlar berilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligi axborot xizmati maʼlumotlarni faktlar asosida tarqatilishini tavsiya etadi.
Yakuniy ekspertiza xulosasi taqdim etilganidan so‘ng o‘rnatilgan tartibda qo‘shimcha maʼlumot beriladi”, — deyiladi bayonotda.
Unga ko‘ra, Angren shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 13-sentabr kuni soat 14:00 dan boshlab 14-sentabr kuni soat 21:00 ga qadar shahardagi 10-sonli DMTT da tarbiyalanayotgan bolalar ko‘ngil aynishi, qayd qilish, tana haroratni ko‘tarilishi, tez-tez ich kelishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilib, ulardan 24 nafari ovqatdan zaharlanish yoki oshqozon faoliyatining funksional buzilishi birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan, 7 nafariga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.
Sanepidqo‘mita xodimlari tomonidan laborator tekshiruvlar uchun yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan bemorlardan hamda DMTT omborxonasida saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olindi. Bog‘chaning 240 nafar tarbiyalanuvchilari shifokorlar tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, tibbiy nazoratga olindi va tashkilot ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.
Holat Sanepidqo‘mita tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Manba: daryo.uz