
- 6
- 19.05.2026 15:14:00
- 1 daq o'qish
“Tolibon” Afg‘onistonda nikoh va oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi yangi qonunni joriy etdi. 31 moddadan iborat “Er-xotinning ajralish tamoyillari” nomli mazkur qoida “Tolibon” oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda tomonidan tasdiqlanib, mamlakatning rasmiy gazetasida e’lon qilindi.
Qonunda balog‘at yoshiga yetgan qizning sukuti nikohga rozilik sifatida qabul qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi band, inson huquqlari himoyachilari va xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Ularning fikricha, sukunatni rozilik sifatida talqin qilish qizlarning o‘z fikrini erkin bildirish huquqini cheklaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda yosh kelinlar uchun to‘lanadigan mablag‘ 500 dollardan 3000 dollargacha yetadi. “Girls Not Brides” tashkiloti esa afg‘on qizlarining qariyb uchdan biri 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqishini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, qonunda o‘g‘il bolalar yoki avval turmush qurgan ayollarning sukuti avtomatik tarzda rozilik deb hisoblanmaydi. Shuningdek, hujjatda voyaga yetmaganlar nikohi, bedarak yo‘qolgan turmush o‘rtoqlar, majburiy ajrashish, murtadlik va zinokorlik bilan bog‘liq holatlar ham tartibga solingan. Qonun ota va bobolarga voyaga yetmaganlar nikohini tasdiqlashda keng vakolatlar beradi. Ammo vasiylar shafqatsiz yoki axloqan noloyiq deb topilsa, bunday nikohlar haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin. “Tolibon” sudyalariga esa, zinokorlik, dinni o‘zgartirish va er uzoq vaqt bedarak ketgan holatlarga aralashish vakolatlari berilgan.
Avvalroq xotin-qizlarga oliy ma’lumot olishni ta’qiqlash, ishga joylashishni cheklash va ijtimoiy hayot ustidan nazoratni kuchaytirish choralari joriy qilingan edi.