
- 35
- 19.09.2025 13:29:00
- 1 daq o'qish
“Tolibon” hukumati Afg‘oniston universitetlarida ayollar muallifligidagi kitoblardan darslik sifatida foydalanishni taqiqladi. BBC xabariga ko‘ra, jami 680 kitob shariat va hukumat siyosatiga zid deb topilgan, ularning 140 tasi ayollar tomonidan yozilgan. Hatto ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar ham ro‘yxatga kiritilgan.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida 18 ta fanni o‘qitish man qilindi. Ulardan oltitasi ayollar mavzusi bilan bog‘liq: “Gender va taraqqiyot”, “Ayollarning kommunikatsiyadagi roli”, “Ayollar sotsiologiyasi” kabi fanlar ham o‘qitilmaydi.
Taqiq eronlik mualliflar va Eron nashriyotlari chop etgan kitoblarga ham taalluqli. Mutaxassislar bu qaror Afg‘oniston oliy ta’limida katta bo‘shliq keltirib chiqarishini aytmoqda.
Bundan tashqari, “Tolibon”ning oliy rahbari farmoni bilan mamlakatning kamida 10 viloyatida optik tolali internet ham uzib qo‘yilgan. Rasmiylar bu chorani “axloqsizlikning oldini olish” bilan izohlagan.