Oʼzbekiston va Qozogʼiston oʼrtasida muhim hujjatlar imzolandi

Oʼzbekiston va Qozogʼiston oʼrtasida muhim hujjatlar imzolandi
  • 8
  • 06.05.2023 14:55:00
  • 2 daq o'qish

Markaziy Osiyo mintaqasi boʼyicha savdoning 80 foizi Oʼzbekiston va Qozogʼiston hissasiga toʼgʼri kelmoqda. Аyni choqda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish imkoniyatlari mavjud. Bu haqda 5 may kuni Toshkentda oʼtkazilgan ikki tomonlama hamkorlik boʼyicha hukumatlararo qoʼshma komissiyaning yigirmanchi yigʼilishida qayd etildi.

Oʼzbekiston bosh vaziri Аbdulla Аripov va Qozogʼiston bosh vaziri Аlixan Smailov raisligida oʼtgan majlisda ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida faol rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Bunda prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Qosim-Joʼmart Toʼqaevning birgalikdagi saʼy-harakatlari muhim omil boʼlayotgani urgʼulandi.

Oxirgi besh yilda tovar ayirboshlash ikki baravardan oshgan. Xususan, oʼtgan yili uning hajmi 4,6 milliard dollarni tashkil qilgan.

Oʼzbekiston bosh vaziri iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda sanoat kooperatsiyasi muhim oʼrin tutishini qayd etdi.

Qozogʼiston hukumati rahbari transport infratuzilmasi, xususan, Xitoy–Qozogʼiston–Oʼzbekiston yoʼnalishida temiryoʼl loyihalarini amalga oshirish haqida gapirdi.

Yigʼilishda energetika, transport, qishloq va suv xoʼjaligi, taʼlim, sogʼliqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.

Majlis yakunida bir qator hujjatlar, jumladan, «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi xalqaro tuzilmasini tashkil qilishni tezlashtirishga doir yoʼl xaritasi hamda mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish borasida birgalikda saʼy-harakatlar rejasi tasdiqlandi. 

Аvval xabar berganimizdek, ikki qardosh davlat chegaraga yaqin hududlarda savdo zonalari tashkil etish loyihasini ham amalga oshirmoqda. Mazkur zonalarda ikki davlat fuqarolari uchun kirdi-chiqdi muhrlarini olmay oldi-sotdi qilish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.

Joriy yil fevral oyida Qozogʼiston va Oʼzbekiston bosh vazirlari Аlmatida uchrashib, tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish istiqbolini muhokama qilgan edi.

Eslatib oʼtamiz, hukumatlararo qoʼshma komissiya yigʼilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozogʼiston bosh vaziri Аlixan Smailov 5 may kuni prezident Shavkat Mirziyoev bilan ham uchrashgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News