
- 2
- 29.05.2026 15:42:00
- 3 daq o'qish
26-may kuni NetBlocks monitoring tashkiloti Eronda internetga kirish tiklanganini ma’lum qildi. Mamlakat 88 kun yoki 2093 soat davomida global internet tarmog‘idan uzilgan holda qoldi. NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, bu Eron zamonaviy tarixidagi eng uzoq davom etgan milliy internet blokirovkasi bo‘ldi. Eronda internet ilk bor o‘chirilayotgani yo‘q. Biroq bu safargi cheklovlar misli ko‘rilmagan darajada uzoq davom etdi. Internet 2026-yil 8-yanvar kuni hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari fonida uzilgan edi. Bir necha hafta o‘tib ayrim xizmatlar qisman tiklangan bo‘lsa-da, 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlari ortidan internet yana to‘liq bloklandi. Tahlilchilarga ko‘ra, internetni qayta yoqishga Eron iqtisodiyotidagi bosim asosiy sabab bo‘lgan. Eron Savdo-sanoat palatasi vakili Afshin Kolahiy aprel oyida mamlakat internet blokidan kuniga 70–80 million dollar zarar ko‘rayotganini aytgan edi. Aloqa vaziri Sattor Hoshimiyning ma’lumotiga ko‘ra esa, Eronning 90 million aholisi orasida kamida 10 million kishining ish faoliyati internet bilan bog‘liq. Shatdaun ijtimoiy tarmoqlar orqali savdo qiluvchi minglab bizneslarga ham jiddiy zarba berdi. Internet cheklovlarini aylanib o‘tish esa juda qiyin bo‘lgan. Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti terminallari taqchil bo‘lib qolgan, VPN xizmatlari esa keskin qimmatlashgan. Bundan tashqari, VPN yoki Starlink’dan foydalanganlik uchun ham hibsga olish xavfi mavjud edi. Internetning qisman qaytishi eronliklar orasida turlicha kayfiyat uyg‘otdi. Ko‘pchilik buni yengillik bilan qabul qilgan. “Bu uch oylik qamoqdan keyingi ozodlikka o‘xshadi. Sayt ochilib, yuklanganini ko‘rganimda baxtdan yig‘lab yuboray dedim”, — dedi eronliklardan biri BBC muxbiriga. Tehronlik rassom ayol esa The Guardian’ga anonim tarzda shunday degan: “Men sigaret yoqdim, SoundCloud’ni ishga tushirdim va sevimli musiqamizni qo‘ydim. Ko‘z yoshimizni tiya olmadik. Bu faqat rejim qulaganidan keyin bo‘ladigan erkinlik hissidek tuyuldi”. Biroq ayrimlar internet qaytganini achchiq kayfiyat bilan qarshi oldi. Tehronlik fotografning aytishicha, G‘arb OAVlari internetning qisman tiklanishini “katta yutuq” sifatida ko‘rsatayotgani kulgili holat. “Internet — bizning asosiy huquqimiz. Men olti hafta ishlolmadim, ota-onamdan qarz olishga majbur bo‘ldim”, — dedi u. Blogerlar va kontent yaratuvchilar ham katta yo‘qotishlarga uchraganini aytmoqda. Isfahonlik geymer Associated Press’ga intervyusida YouTube va Instagram’dagi auditoriyasining katta qismini yo‘qotganini bildirgan. Ayrim blogerlar esa tirikchilik uchun texnikalarini sotib, boshqa ish izlashga majbur bo‘lgan. Internet qaytgach, ko‘pchilik urush oqibatlarini ilk bor to‘liq ko‘ra boshladi. Ijtimoiy tarmoqlar vayron bo‘lgan hududlar, halok bo‘lganlar va dafn marosimlari aks etgan videolarga to‘lib ketdi. “Onalar yig‘layapti, otalar dod solmoqda, bolalar ota-onasining qabri ustida yotibdi. Bu urushda asosiy mag‘lublar biz bo‘ldik”, — dedi Tehronda yashovchi o‘qituvchi The Guardian bilan suhbatda. Ayrim eronliklar esa vaziyatga achchiq hazil bilan munosabat bildirmoqda. “Salom, mahbus birodarlar. O‘zimni qamoqdan vaqtinchalik ta’tilga chiqqandek his qilyapman”, — deb yozgan foydalanuvchilardan biri. Mutaxassislar fikricha, AQSH va Isroil bilan urushdan keyin yanada qat’iylashgan Eron hukumati internetni to‘liq erkinlashtirishi ehtimoldan yiroq. Aksincha, rasmiy Tehron kelajakda Xitoy uslubidagi kuchli raqamli nazorat tizimini joriy etishga intilayotgani aytilmoqda.