Milliy madaniyatimiz va san’atimiz fidoyisi edi

Milliy madaniyatimiz va san’atimiz fidoyisi edi
  • 5
  • 14.02.2023 12:54:00
  • 2 daq o'qish

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Respublikasi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.

Baxtiyor Sayfullayev 1951 yilning 1 aprelida Toshkent shahrida tavallud topgan. 1972 yilda Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan.  

O‘z mehnat faoliyatini 1972 yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori va rejissyori sifatida boshlagan Baxtiyor Sayfullayev keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri lavozimida ham faoliyat olib borgan edi. Baxtiyor Sayfullayev 500 dan ortiq yirik ommaviy bayram tadbirlari va ssenariylarining muallifi edi. Milliy madaniyat va san’at rivojiga oid 10 dan ortiq qo‘llanma, monografiya, 100dan ziyod ilmiy maqolalar yozgan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Baxtiyor Sayfullev 2005 yildan Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2012 yildan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori lavozimida ishlay boshlagan. 2017 yil avgustida esa Madaniyat vaziri, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga rektor etib tayinlangan edi.  

2020 yilning 18 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan senator etib tayinlangan, 20 yanvar kuni yangi tarkibdagi Senatning ilk yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangan edi.  

Taniqli davlat va jamoat arbobi B.Sayfullayevning yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borgan samarali faoliyati davomida erishgan yutuqlari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan e’tirof etilib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi faxriy unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.  

Baxtiyor Sayfullayev milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning yutuqlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan inson, mamlakatimiz ijodkor ziyolilarining ilg‘or vakili sifatida xalqimiz, shogirdlari uchun ayniqsa qadrli inson edi.    

Manba: UzA

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News