
- 18
- 18.11.2026 22:11:00
- 1 daq o'qish
AQShdagi "Kalshi" prognoz bozori platformasi "GTA 6" o‘yinini tahlil qiladigan mutaxassis qidirmoqda. Xodim o‘yinni jonli efirda namoyish qiladi, uning virtual iqtisodiyotini o‘rganadi va o‘yin chiqishining AQSh aholisiga ta’sirini baholaydi.
Vakansiyada yillik asosiy maosh 100–120 ming dollar etib belgilangan. Unga 15 ming dollarlik kafolatlangan bonus qo‘shiladi. Kompaniya xodimni "PlayStation 5" yoki "Xbox" konsoli hamda 100 dyuymli televizor bilan ta’minlaydi. Ovqat buyurtma qilish uchun esa kuniga 75 dollar ajratiladi.
Mutaxassis nima bilan shug‘ullanadi?
Xodim "GTA 6" rasman chiqarilishi bilan ishga kirishadi. Dastlabki kunlarda u o‘yinni kuniga 10 soatdan ortiq o‘ynashi va jarayonni veb-kamera orqali "Twitch" yoki "YouTube"da jonli efirda namoyish qilishi kerak. Shuningdek, u o‘yin ichidagi iqtisodiy tizimni o‘rganib, virtual pul topishning samarali usullari haqida hisobot tayyorlaydi.
Tahlil o‘yinning kundalik hayotga ta’sirini ham qamrab oladi. Mutaxassis "GTA 6" chiqishi munosabati bilan qancha odam ishdan ta’til olishini, ovqat yetkazib berish xizmatlariga talab va ish unumdorligi qanday o‘zgarishini baholaydi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan?
Ariza topshiruvchilar 18 yoshdan katta bo‘lishi va kamida 10 yillik geymerlik tajribasiga ega bo‘lishi kerak. "Twitch" yoki "YouTube"da kamida uch yil jonli efir olib borgan bo‘lish ham talab etiladi. Iqtisodiyot va moliya bo‘yicha bilim nomzodga qo‘shimcha ustunlik beradi.