
- 4
- 14.10.2023 11:08:00
- 2 daq o'qish
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
E’tiborli jihati, partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi nazarda tutilyapti. Bu esa gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkon berishi, shubhasiz.
Shuningdek, uchastka komissiyalari joylashgan binolarda mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan materiallar jumlasiga siyosiy partiyaning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan dasturi hamda partiya ro‘yxati ham kiritilmoqda.
Agar proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi belgilanyapti.
Bundan tashqari, yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi o‘rnatilmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan, deb topilishi nazarda tutilmoqda.
Yana bir jihat, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatlik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda, proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsienti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsientiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi. Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, buning natijasida ba’zi deputalik o‘rinlari taqsimlanmasdan qolsa, ularni ham taqsimlash tartibi aniq ochib berilmoqda.
Saylov kodeksi talablaridan kelib chiqib, amaldagi cheklovlar bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda deputatlar, senatorlar, hokim o‘rinbosarlari, boshqa saylov komissiyalarining a’zolari, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlari uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lgan fuqarolar ham referendum uchastkasi komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlanmoqda.
Umuman olganda, mazkur Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi saylov va referendum to‘g‘risidagi qonunchilikni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtiradi, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yadi hamda ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning ishtiroki va rolini oshiradi.
Manba: parliament.gov.uz