DXX psixotrop dorilarni mamlakatga noqonuniy olib kirish va sotish bilan shug‘ullangan guruhni ushladi

DXX  psixotrop dorilarni mamlakatga noqonuniy olib kirish va sotish bilan shug‘ullangan guruhni ushladi
  • 2
  • 16.10.2023 13:37:00
  • 2 daq o'qish

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona qo'mitasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda, xalqaro kur'erlik jo'natmalari orqali xorijdan kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni kontrabanda qilish bilan shug'ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo'yildi.

Xususan, aviajo'natmalar orqali Xitoy davlatidan kosmetika mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladigan vosita nomi ostida yuborilgan 5 kg. "Pregabalin" moddasi to'xtatib qolindi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu kuchli ta'sir qiluvchi modda 2000 va 2002 yillarda tug'ilgan 3 nafar O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli ekanligi aniqlanib, ular harakatlanayotgan, 1994 y.t. shaxs boshqaruvidagi "kobalt" rusumli avtotransport vositasi to'xtatilib, ko'zdan kechirildi. Natijada, avtomashina salonida bo'lgan 1500 dona "Pregabalin" va 90 dona "Tropikamid" kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, Toshkent shahrining M.Ulug'bek tumanida ular ijaraga olgan xonadon ko'zdan kechirilganda, ushbu manzilda yashirin laboratoriya tashkil etilganligi va jinoiy guruh a'zolari bo'lgan – 2003 va 2005 yillarda tug'ilgan 2 nafar qiz kimyoviy moddalarni aralashtirgan holda kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash va bo'sh kapsulalarga qadoqlash bilan shug'ullanishlari ma'lum bo'ldi.

Mazkur xonadondan sotishga tayyorlab qo'yilgan 376 dona "Pregabalin" kapsulasi, 101 dona flakonda "Tropikamid", 14 kg 150 gr. kuchli ta'sir qiluvchi moddalari kukuni, 9 ta polietilen qopda bo'sh kapsula va flakonlar, 20 litr xlorid kislotasi, elektron torozi, kolba, mikser va shprislar prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda jinoiy guruhning 6 nafar a'zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 251 prim 1 moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo'llanilgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News