
- 0
- 23.06.2025 13:49:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonda elektron tijorat sohasida kuryerlik xizmatlarini yuritish tartibi belgilandi. Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan nizomga ko‘ra, kuryer jismoniy shaxs sifatida mustaqil ravishda yoki yetkazib berish xizmatlari operatorlari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritadi.
Yangi tartibga binoan, kuryerlar shartnomada ko‘rsatilgan holatlarda xaridorlardan to‘lov qabul qilishi mumkin. Bunda nazorat-kassa texnikasi majburiy bo‘lib, xaridorga chek berilishi shart.
Tovarning narxi, yetkazib berish muddati va usullari buyurtma vaqtida xaridorga oldindan ma’lum qilinadi. Oziq-ovqat yetkazishda gigiyena qoidalari qat’iy nazorat qilinadi.
Kuryerga tovar qadog‘ini ochish yoki mijoz ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, xizmatlar ishonchlilik, o‘z vaqtida yetkazish, xavfsizlik va xaridorni doimiy xabardor qilish kabi talablar asosida ko‘rsatilishi kerak. Bu tartiblar elektron tijoratda shaffoflik va ishonchlilikni ta’minlashga qaratilgan.