
- 1
- 02.06.2026 16:25:00
- 1 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi oʻtkazildi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyoti va sanoat tarmoqlarida sezilarli o‘sish kuzatilgani, 3 ming turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Jumladan, kimyo sanoatiga 8,3 milliard dollar investitsiya jalb etilib, 87 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Natijada PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen va BOPP plyonka kabi 60 dan ortiq yangi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarila boshlangan.
Shunga qaramay, sohada qator muammolar borligi tanqid qilindi. Oxirgi to‘qqiz yilda mamlakat sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatidagi o‘sish 3 foizga ham yetmagan. Kimyoviy mahsulotlar importi yiliga 4,5 milliard dollarga yetgan, mahalliy ishlab chiqarish esa, ichki talabning 60 foizini ham qoplay olmayapti.
Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” AJ faoliyati ham tanqid qilinib, tizimdagi 5 mingdan ortiq korxona bilan samarali ishlash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish ishlari sust ekani ta’kidlandi.
Prezident ushbu masalalarni atroflicha muhokama qilish maqsadida kimyo sanoati korxonalari vakillari bilan shaxsan uchrashishga qaror qilganini ma’lum qildi.