Bayden falastinlik tinch aholi taqdiriga befarqlikda ayblandi

Bayden falastinlik tinch aholi taqdiriga befarqlikda ayblandi
  • 5
  • 16.10.2023 07:43:00
  • 2 daq o'qish

AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib prezident Jo Baydenning Falastin–Isroil ziddiyatidagi pozisiyasini tanqid qildi.

HAMAS hujumiga javoban Gʻazoni bombardimon qilayotgan Isroil BMT vakillariga hududdan 24 soat ichida 1,1 millionga yaqin odamni ko‘chirish haqida talabnoma yo‘llagan edi. Xalqaro tashkilot buni amalga oshirib bo‘lmas talab deb baholagan.

Demokratik partiya vakili Rashida Tolibga ko‘ra, Isroil HAMASning xatti-harakati uchun Gʻazoda yashovchi ko‘p ming sonli aholini jazolamoqda. Bayden ma’muriyati esa Isroilni bir tomonlama dastaklagani holda, bomba yomg‘iri ostida qolayotgan oddiy falastinliklar taqdiriga qayg‘urmayotir.

«Gʻazo sektoridagi  milliondan ziyod aholi (ularning yarmi bolalardir) 24 soat ichida hududni tark etish haqida buyruq oldi, ammo ularning bosh urib boradigan joyi yo‘q. Falastinlik tinch aholi vakillarini jamoaviy jazolash harbiy jinoyatdir... Lekin prezident Bayden Gʻazoda ayovsiz aviahujumlarga uchragan va quruqlik orqali hujumga nishon bo‘layotgan millionlab falastinlik tinch aholi vakillariga zarracha hamdardlik bildirmadi», – deydi Kongressdagi asli falastinlik yagona deputat Rashida Tolib.

Siyosatchi ayol o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va dini hamda millatidan qat’i nazar, barcha tinch aholi vakillari hayotini saqlab qolishga da’vat qilgan.

«Bizning hukumatimiz barcha tinch aholi vakillariga hamdard bo‘lmog‘i lozim. Ko‘p sonli amerikaliklar xunrezlik va zo‘ravonlik to‘xtatilishini istashiga ich-ichimdan ishonaman. Harbiy jinoyatlarga harbiy jinoyat bilan javob berilmaydi», – deydi R.Tolib.

Deputatga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Amerikadagi musulmonlar hamda arab millatiga mansub aholi vakillari manfaatlari hukumat tomonidan to‘laqonli himoyalanmoqda deb bo‘lmaydi. U, shuningdek, Gʻazoda qarindoshlari qolib ketgan AQSH fuqarolariga ham ko‘mak lozimligini urg‘ulagan.

Rashida Tolib Isroil hukumati ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida aparteid siyosatini yuritayotganini aytib keladi.

2,3 million nufusli Gʻazo hududi 2007-yildan buyon qamal sharoitida yashaydi.

HAMAS bilan keskinlik kuchayishi ortidan, 8-oktyabr kuni Isroil hududga elektr energiya va yonilg‘i yetkazilishini to‘xtatdi. 9-oktyabr kuni esa yahudiy davlati mudofaa vaziri Yoav Galant Gʻazo to‘laqonli qamalga olinishi, hududga oziq-ovqat va suv ham yetkazilmasligini e’lon qildi.

BMT bosh kotibi Antonio Guterrish urushayotgan tomonlarni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirar ekan, Gʻazo to‘laqonli qamalda qolganidan chuqur xavotir izhor qilgan.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Gʻazo aholisi suv, oziq-ovqat va elektr energiyadan mahrum etilishi xalqaro huquqqa zid ekanini ta’kidlagan.

Jahon matbuoti hududdagi barcha shifoxonalar to‘lib ketgani, o‘likxonalarda ham joy qolmagani haqida xabar bergan.

Manba: xabar.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News