Mijozni o‘ldirib, kanalga tashlab yuborgan bank xodimi 18 yilga qamaldi

Mijozni o‘ldirib, kanalga tashlab yuborgan bank xodimi 18 yilga qamaldi
  • 7
  • 17.09.2026 14:59:00
  • 1 daq o'qish

Farg‘onada bank xodimi 28 yoshli mijozni 5700 dollarini qo‘lga kiritish maqsadida o‘ldirgani uchun 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Voqea 30-mart kuni sodir bo‘lgan. Mijoz Qo‘qon shahridagi bankka avtomobil xarid qilish uchun kelgan. Bank xodimi uning yonida 5700 dollar borligini bilib, pulni egallash rejasini tuzgan.

U mijozning ishonchiga kirib, turli bahonalar bilan uni ko‘chaga olib chiqqan va boshqaruvidagi Tracker avtomobiliga o‘tqazgan. Keyin uni guvohlardan xoli dala yo‘liga olib borib, pichoq bilan 20 martadan ortiq jarohat yetkazgan. Oqibatda mijoz voqea joyida halok bo‘lgan.

Shundan so‘ng bank xodimi jasadni avtomobiliga joylab, bankka qaytgan va ish vaqtining oxirigacha ishlagan. Kechqurun esa jinoyat izlarini yashirish maqsadida jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan. Marhumning jasadi olti kundan so‘ng topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, bank xodimiga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

Shuningdek, sud marhumning qonuniy vakiliga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirishni belgilagan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News