Poytaxtda xalqaro universitetlar shaharchasi paydo bo‘ladi

Poytaxtda xalqaro universitetlar shaharchasi paydo bo‘ladi
  • 2
  • 11.07.2026 18:14:00
  • 1 daq o'qish

Shavkat Mirziyoyev xalqaro taʼlim standartlari asosida oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Janubiy Koreyadagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.
Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qoʻllash, shuningdek, royalti toʻlovlarining bir qismini qoplab berish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Asosiy maqsad Oʻzbekistonni xalqaro taʼlim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi taʼlim markaziga aylantirish ekani taʼkidlandi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News