
- 5
- 01.07.2023 12:17:00
- 1 daq o'qish
Yuk mashinasi haydovchisining rul boshqaruvini yo‘qotgani sabab 7 ta mashina to‘qnashdi. Ikki kishi vafot etdi.
Ijtimoiy tarmoqda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yuk mashinasining ag‘darilib ketgani aks etgan video tarqalgandi. Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati yuz bergan YTH yuzasidan ma’lumotlarni ochiqladi.
Qayd etilishicha, joriy yil 30 iyun kuni soat 10:50 lar atrofida Toshkent – Termiz M-39 yo‘lining 997-kilometrida Buxoro viloyati Jondor tumani ‘’Ibn Sino’’ MFYda yashovchi J.K. boshqaruvidagi Shacman shu yo‘nalishda harakatlanayotgan Samarqand viloyati Payariq tumani ‘’Imom Buxoriy’’ mahallasida istiqomat qiluvchi B.Gʻ. boshqaruvidagi Epica’ning orqasiga urilgan.
Oqibatda, Epica’da bo‘lgan bir yo‘lovchi voqea joyida, yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan.
Bundan tashqari, ushbu yo‘l-ulov hodisasi natijasida Toshkent shahri, Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi shaxslar boshqaruvidagi Lacetti, Sinotruk, Howo, Cobalt, Nexia-3 to‘qnashgan. YTH natijasida, mazkur avtoulovlarga turli darajada texnik shikast yetgan. Ushbu avtomashinalarda bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchilar jabrlanmagan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Manba: uznews.uz