Barcha yerlar yangi axborot tizimida hisobga olinadi

Barcha yerlar yangi axborot tizimida hisobga olinadi
  • 7
  • 04.11.2023 13:44:00
  • 1 daq o'qish

Vazirlar Mahkamasining 30.10.2023 yildagi 578-son qarori bilan Yer resurslarining holati bo‘yicha milliy hisobotni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 20 oktyabrdagi PQ-405-son qaroriga muvofiq qabul qilindi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
yer hisobotini yuritish tartibini;
yer hisoboti shakllarini tasdiqlashni;
yer resurslarining holati bo‘yicha milliy hisobotni shakllantirish va taqdim etish tartibini;
yer fondi toifalaridagi o‘zgarishlarni hisobga olish tartibini. 
 Kadastr agentligiga 2024 yil 1 yanvarga qadar «Yer hisobot» avtomatlashtirilgan axborot tizimini (AAT) ishga tushirish hamda uni «E-qaror» elektron tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlash topshirildi.
Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi «Yer hisobot» AAT operatori hisoblanadi. Yer hisobotiga o‘zgartirishlar kiritish, yerlarni toifalarga ajratish va bir toifadan boshqasiga o‘tkazish natijalari vakolatli davlat organlarining qarorlari asosida «Yer hisobot» AATga kiritib boriladi. 
 Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish natijalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlari real vaqt rejimida «E-qaror» elektron tizimi orqali «Yer hisobot» AATga taqdim etiladi.
Yer hisoboti O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlar ma’muriy-hududiy chegarasida joylashgan barcha yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar bo‘yicha yuritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.10.2023 yildan kuchga kirdi.
 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News