
- 4
- 25.10.2024 14:51:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarolarini Anqaradagi teraktdan so‘ng Turkiyada joriy qilingan ehtiyot va xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi. Turkiyadan chiqib ketish arafasida bo‘lgan fuqarolardan aeroportlarga uchish uchun qayddan o‘tish (registratsiya) vaqtidan kamida 1 soat oldin yetib borishlarini, shubhali buyumlar va shaxslar to‘g‘risida yaqin oradagi politsiya yoki xavfsizlikni ta’minlash (Özel güvenlik) bo‘linmalari xodimlariga xabar berishni tavsiya etdi.
Eslatib o‘tamiz, 23-oktyabr kuni Anqaradagi TUSAS aerokosmik korporatsiya obyektiga ayol va erkak qurolli hujum uyushtirdi. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya mamlakatda taqiqlangan Kurdiston Ishchi partiyasini hujumda gumon qilgandi va 24-oktyabr kuni Turkiya harbiy-havo kuchlari Iroq va Suriya shimolidagi Kurdiston ishchi partiyasi obyektlariga zarbalar berdi.