O'zbekistonda joriy yilning o‘tgan davrida 2,5 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesilgani aniqlandi

O'zbekistonda joriy yilning o‘tgan davrida 2,5 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesilgani aniqlandi
  • 5
  • 05.10.2023 10:01:00
  • 2 daq o'qish

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, daraxtlar kesilishiga moratoriy amal qilishiga qaramasdan joriy yilning o‘tgan davrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 427 ta huquqbuzarlik qayd etilib, shundan 714 tup qimmatbaho navli daraxtlar noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘yilgan

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklar rejasiz va nazoratsiz yig‘ib olinishi natijasida tabiiy zaxiralar va populyasiyalarining o‘sish maydonlari qisqarishi kuzatilmoqda.

Masalan, Surxondaryo viloyati “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida joriy yil iyul-sentyabr oylarida 11 550 tup tabiiy holda o‘suvchi “tojik kavragi” dorivor o‘simligi noqonuniy kesilib, tabiatga 5,7 mlrd. so‘m zarar yetkazilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

O‘rmon fondi yerlarini muhofaza qilishga qaratilgan nazorat tadbirlari ham izchillik bilan olib borilmoqda.

Jumladan, respublika bo‘yicha jami 67,7 ming gektar maydonni tashkil etuvchi o‘rmon fondi yer uchastkalarini ijaraga berish bilan bog‘liq 8065 ta hujjatlar xatlovdan   o‘tkazilishi natijasiga ko‘ra, o‘rmon fondi yer uchastkalarini qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda ijaraga berish holatlari aniqlanib, 18 ta jinoyat, 46 ta ma’muriy va 23 ta intizomiy ishlar qo‘zg‘atildi hamda noqonuniy egallangan 1539 gektar yerlar o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi.

Umuman nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida mutasaddi idoralarga 107 ta taqdimnoma kiritildi, 206 ta noqonuniy hujjatlarga protest keltirildi, sudlarga 4 ta da’vo arizasi kiritildi, 304 nafar shaxslar ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 228 nafar  fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Manba: Uzreport.news

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News