Shavkat Mirziyoyev va uning oilasi haqida haqoratli izoh yozgan yigit qamaldi

Shavkat Mirziyoyev va uning oilasi haqida haqoratli izoh yozgan yigit qamaldi
  • 11
  • 10.11.2023 21:00:00
  • 1 daq o'qish

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi ma’lum qilishicha, 2004-yilda tug‘ilgan I.D. ismli yigit 2023-yilning yoz oylarida Rossiyada ishlab yurgan vaqtida Instagram’da “President family” nomli videolavhani tomosha qilib, ushbu videoga prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oilasini haqorat qiluvchi izoh qoldirgan.

So‘ngra, u tanishlarining gaplari bilan ushbu postini o‘chirib tashlagan. I.D. O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Kattaqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, I.D. JKning 158-moddasi (O‘zbekiston prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchi yigit bu ishidan pushaymonligi, bilmay, yoshlik qilib qo‘ygani va prezidentning olib borayotgan siyosatidan norozi emasligini bildirgan. Sud shularni inobatga olib, yigitga nisbatan 2 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News