Toshkent viloyatida II-VI asrlarga oid qabr topildi

Toshkent viloyatida II-VI asrlarga oid qabr topildi
  • 2
  • 09.09.2023 21:36:00
  • 2 daq o'qish

Toshkent viloyati Parkent tumani “Kumushkon” MFYda yashovchi Baxtiyor Jo‘lanovga tegishli 23-xonadonning ro‘parasi – Birdamlik ko‘chasidagi yo‘l chetida ichimlik suvi o‘tadigan polietilen trubalarni yer ostiga ko‘mish uchun qazilganda, yerning ustki sathidan 50 sm pastlikdan o‘tov shaklidagi bo‘shliq ochilib qolgan. Bo‘shliqdan to‘qqiz dona sopol idishlar topilgan.

“Kumushkon” MFY faollaridan biri Ilyos Hotamov bu haqdagi xabarni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlariga yetkazdi va uni o‘rganishni so‘radi. Arxeologlar tomonidan yuqorida manzili ko‘rsatilgan joy tekshirilganda balandligi —1.5 – 1.6 m, diametri 1.8 – 1.9 m, ichki shifti gumbaz shaklida bo‘lgan yer osti qurilmasi qadimiy qabr qo‘rg‘oni bo‘lgani aniqlandi.  

Qabrdan olingan sopol idishlar marhumlarni dafn etish chog‘ida qabrning chetlariga qo‘yib chiqilgan bo‘lgan. Ularning barchasi qo‘lda, ya’ni kulolchilik charxi yordamisiz yasalgan. Idishlarning ustiga qizg‘ish rangdagi suyuq angob (bo‘yoq) surtilgan. Ularni yasashda loyiga mayda qum-toshlar, maydalangan ohaktoshlar aralashtirilgan.  

Bu topilgan idishlarning uch donasi bir baldog‘li ko‘za, bir donasi ikki baldog‘li tuvak, ikki donasi bir baldog‘li qadah-(krujka), ikki donasi kosa va bir donasi piyola bo‘lib, aftidan ular suyuqlik quyilib qabrga qo‘yilgan. Afsuski, suyuqliklar uzoq yillar davomida parlanib yo‘q bo‘lib ketgan. Faqatgina ko‘zalardan birida sut qaymog‘ining kukun shaklidagi qoldiqlari saqlangan. 

O‘rganishlarga asoslanib topilgan qabrni va undagi topilmalarni II-VI -asrlarga tegishliligini taxmin qilish mumkin.  

Manba: Uz.A

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News