
- 3
- 16.09.2026 12:26:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida mutaxassis tayyorlash tizimi o‘zgaradi. Prezident farmoniga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan “5+1” tizimidagi 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriati joriy etiladi.
Bunda talabalar 5 yil o‘qib, 6-kursda to‘liq amaliyot o‘taydi. Bitiruvchilarga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi va ular oilaviy shifokor bo‘lib ishlashi mumkin.
Shuningdek, tibbiyot bakalavriatining barcha yo‘nalishlarida bitiruvchi kursda bir yil davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy qilinadi.
Tor soha mutaxassislari uchun esa rezidentura tizimiga o‘tiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan tor mutaxassislarni tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va klinik ordinaturaga qabul to‘xtatiladi.
Shu sababli tibbiyotda tor soha mutaxassislarini magistratura orqali tayyorlash bekor qilinadi. Magistratura asosan ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga yo‘naltiriladi.
2026/2027-o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot bo‘yicha ham rezidentura tashkil etiladi. Davlat granti asosida rezidenturada o‘qiyotganlarga stipendiya to‘lanadi.
Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga ham o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlarini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.