
- 5
- 06.10.2026 11:57:00
- 1 daq o'qish
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati joriy yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda moped va skuterlar ishtirokida 563 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, mazkur YTH oqibatida 488 kishi tan jarohati olgan, 89 kishi esa vafot etgan.
Bundan tashqari 2025-yil davomida moped va skuter boshqargan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq qariyb 300 ta holat aniqlangan. 2026-yilning 9 oyida esa bunday holatlar soni qariyb 20 barobarga oshib, 4 312 tani tashkil etgan. Aniqlangan qoidabuzarliklarning 162 tasida moped va skuter haydovchilari hujjatsiz yoki mast holatda bo‘lgan.
YHXX ma’lumotiga ko‘ra, moped va skuterlarga davlat raqami hamda haydovchilik guvohnomasi talabi yangi joriy etilmagan. Hukumatning 2024-yil 17-iyuldagi qarori bilan ular uchun alohida davlat raqamlari belgilangan. Avval ularni boshqarish uchun A toifali haydovchilik guvohnomasi talab etilgan bo‘lsa, yangi tartibda A1 kichik toifasi joriy qilingan. YHXX moped va skuter haydovchilarini yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga hamda xavfsiz harakatlanish uchun tegishli haydovchilik huquqiga ega bo‘lishga chaqirdi.