
- 2
- 10.06.2026 11:28:00
- 2 daq o'qish
Prezident togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Ta’kidlanishicha, 2025-yilda jami sanoat mahsulotining 20 foizi mazkur soha korxonalari hissasiga toʻgʻri kelib, ular budjetga118,5 trillion soʻm tushum olib kelgan. Shuningdek, o‘tgan yilda yirik togʻ-kon sanoati korxonalarida 7,3 trillion soʻm operatsion xarajatlar tejalib, mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaygan. Hamda “Geomonitoring” axborot tizimi joriy qilinib, 2 mingdan ortiq qazilma uchastkalariga oid maʼlumotlar raqamlashtirilgan.
Yig‘ilishda, sunʼiy intellekt texnologiyalari geologik maʼlumotlarni tezkor tahlil qilish, foydali qazilmalarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burgʻilash samaradorligini oshirish imkonini berishi ta’kidlandi. Shu maqsadda geologiya-qidiruv ishlarining barcha bosqichlariga AI texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2030-yilgacha geologiya va togʻ-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilinib, avvalo, investorlar talab qilayotgan sifatli va ishonchli raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish zarurligi qayd etildi. Ushbu jarayonda “Texnologik transformatsiya markazi” tashkil etilib,
36 mingdan ortiq hisobot va birlamchi maʼlumotlar raqamlashtiriladi. Natijada konlarni modellash va zaxiralarni hisoblash jarayoni ikki baravar tezlashadi.
Taqdimotda 2026–2030-yillarda geologiya sohasi hamda “Navoiy KMK”, “Olmaliq KMK”, “Navoiyuran”, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzbekkoʻmir” va “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati”da sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etishga oid 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari maʼlum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga texnologik va sunʼiy intellekt loyihalari boʻyicha alohida dasturlarni tasdiqlash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni biznes-rejalarga kiritish yuzasidan topshiriqlar berdi.