O‘zbekistonga to‘rt oyda 3,1 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan — Markaziy bank

O‘zbekistonga to‘rt oyda 3,1 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan — Markaziy bank
  • 4
  • 05.05.2023 08:10:00
  • 1 daq o'qish

O‘zbekistonga 2023-yil yanvar—aprel oylarida 3,1 milliard dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Qayd etilishicha, pul o‘tkazmalari hajmi 2022-yilning mos davriga nisbatan 20,8 foizga oshgan. Jumladan, dastlabki 3 oydagi pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan baland ko‘rsatkichlarda bo‘lgan bo‘lsada, aprel oyida 763 million dollarlik pul o‘tkazmalari kelib tushgan va bu o‘tgan yilning apreliga nisbatan deyarli 30 foizga kamroq deganidir.

Matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov buni izohlar ekan, yil boshidan beri Rossiya rubli 1,4 foizga qadrsizlanganini, bu O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining ham kamayishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidlagan.

Bundan tashqari, yanvar—aprel oylarida banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut yarim milliard dollarga teng bo‘ldi. Bunda, aholining valyuta sotuvi 3,3 milliard dollarni va aholining valyuta xaridi 2,8 milliard dollarni tashkil qilgan.

O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvining 4-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ma’lum qilinishicha, mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi mart va aprel oylarida ham pasayishda davom etgan hamda mos ravishda 11,7 va 11 foizga teng bo‘lgan. Ushbu pasayishda mavsumiy omillar va o‘tgan yildagi yuqori baza effekti ham muhim ahamiyat kasb etgan. 

Manba: daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News