
- 11
- 13.09.2023 09:06:00
- 2 daq o'qish
AQSH elchixonasi 10 oylik o‘qitish, malaka oshirish dasturlarini boshlash uchun 25 nafar amerikalik ingliz tili o‘qituvchilarini mamlakatga olib keldi. AQSHning Toshkentdagi elchixonasi shu haftada mahalliy o‘qituvchilar bilan birgalikda o‘quvchi va talabalarga bevosita dars berish maqsadida O‘zbekiston bo‘ylab 10 oylik o‘qitish, malaka oshirish dasturlarini boshlash uchun 25 nafar amerikalik ingliz tili o‘qituvchilarini mamlakatga olib keldi. Bu haqda elchixona Matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu guruh tarkibiga maktablarning 10-sinfidan to universitet darajasigacha bo‘lgan bosqichda mahalliy ingliz tili o‘qituvchilari bilan birgalikda dars beruvchi amerikalik 17 nafar ingliz tili o‘qituvchisi hamda universitet darajasida ingliz tili o‘qitish salohiyatini oshiradigan, boshqa tillarda so‘zlashuvchilar uchun ingliz tili o‘qitishga (TESOL) ixtisoslashgan 8 nafar tajribali ustoz (EL Felloows) kiradi.
Amerikalik o‘qituvchilarning 15 nafari AQSH Davlat departamentining Fulbrayt ingliz tili o‘qitish bo‘yicha yordamchisi (ETA) dasturining bir qismidir, 2 nafari esa O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitishni davom ettirish maqsadida Toshkentdagi AQSH elchixonasining "Ingliz tili o‘rgatuvchi" dasturida avval ham qatnashgan ETA bitiruvchilaridir. Bu ustozlar TESOL yoki tegishli sohada magistr darajasiga va o‘rtacha 10 yillik o‘qituvchilik tajribasiga ega.
25 nafar amerikalik o‘qituvchi Amerika Qo‘shma Shtatlarining turli burchaklaridan – Kaliforniyadan Floridagacha bo‘lgan hududdan kelgan bo‘lib, ular O‘zbekistonning 11 ta viloyatida ingliz tili o‘qitish va o‘rganishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular, shuningdek, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish (TEFL) bo‘yicha zamonaviy ilg‘or tajribalarni namoyish etish orqali Qo‘shma Shtatlarning madaniyat elchilari sifatida ham xizmat qiladi.
Manba: uznews.uz