“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha jabrlanuvchilarga 16,7 mlrd so‘m to‘landi

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha jabrlanuvchilarga 16,7 mlrd so‘m to‘landi
  • 13
  • 07.10.2026 14:26:00
  • 2 daq o'qish

“Dok-1 Maks” dori vositasidan jabrlangan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd so‘m zarar undirish belgilangan. Hozirgacha ularga 16,7 mlrd so‘m to‘lab berildi.
Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, mablag‘lar auksionda sotilgan mol-mulkdan tushgan pul hamda S. Kariyevning oila a’zolari tomonidan to‘langan mablag‘lar hisobidan undirilib, jabrlanuvchilar o‘rtasida teng taqsimlangan.
Ijro jarayonida S. Kariyevga tegishli Chilonzor tumanidagi turar joy binolari va Beshyog‘och mahallasidagi noturar joy binosi xatlanib, auksionga chiqarilgan. Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi 793 mln so‘mga sotilgan. Qatortol 3-tor ko‘chasidagi 7,1 mlrd so‘mga baholangan turar joy binolari bo‘yicha esa auksion savdolari davom etmoqda. Hozirda qolgan 61,3 mlrd so‘m zararni undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.

Aybdorlar qanday jazolangan?

2024-yil 26-fevralda “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 23 nafar sudlanuvchiga hukm chiqarilgan. Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev 18 yilga, uning o‘rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayev 16 yildan ozodlikdan mahrum qilingan. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan. Sardor Kariyevga qo‘shimcha ravishda 2 yil 6 oy davomida davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash taqiqi ham qo‘yilgan. “Quramax Medical” direktori, Hindiston fuqarosi Singh Ragvendra Pratar 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, boshqa sudlanuvchilarga ham turli muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va boshqa jazolar tayinlangan.

“Dok-1 Maks” fojiasi oqibatida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 68 nafar bola vafot etgan, 16 nafar bola nogiron bo‘lib qolgan. Sud jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar uchun tovon pullari undirilishini ham belgilagan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News