
- 10
- 04.11.2023 08:49:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekiston tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta Airbus N145 rusumli tibbiy vertolyot xarid qilinishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Frantsiya biznes forumida Sog‘liqni saqlash vaziri Frantsiyaning bir qator kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokara doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri А. Inoyatov hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori А. Аzizov Frantsiyaning “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan muzokaralar olib bordi.
Muloqot davomida respirator, yurak-qon tomir va onkologik xastaliklar, OIV, tromboemboliyalar, serebrovaskulyar kasallik, qandli diabet, gepatit hamda Parkinsonni davolashga mo‘ljallangan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mazkur kompaniya rahbariyati bilan mahalliylashtirish imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga kelishib olindi.
Shuningdek, А.Inoyatov Frantsiyaning “Airbus Helicopters” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Muzokara davomida Respublika tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta “Airbus N-145” rusumli tibbiy vertolyotlarni xarid qilish hamda mamlakatimizda Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish, bu sohaning moddiy-texnika bazasini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash, tog‘li va chekka hududlarda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish istiqbollarini muhokama qildi.
Forum doirasidagi navbatdagi muloqotda vazir tibbiy kislorod generatorlari, tibbiy gaz qurilmalari va tizimlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Gaz sistem” kompaniyasi raisi Jan Eduard bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi.